“Iqtidorli bolalar” Kengashi

Bosh sahifa“Iqtidorli bolalar” Kengashi

“Iqtidorli bolalar Kengashi” to‘g‘risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1.1. Mazkur Nizom “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi bolalar va yoshlardan iborat “Iqtidorli bolalar Kengashi”ning (keyingi o‘rinlarda – Kengash) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

1.2. Kengash “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatini yanada rivojlantirish, yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshiradi.

Kengash yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan holda jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi.

1.3. Kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis palatasi qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaror, farmon va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror va farmoyishlariga mazkur Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

1.4. Kengash o‘z ramziy belgilari va ko‘krak nishoniga ega bo‘lishi mumkin.

1.5. Kengash Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar hamda tuman (shahar) “Barkamol avlod” bolalar maktablarida o‘z faoliyatini tashkil etadi.

1.6. Kengashning faoliyat muddati cheklanmagan, u o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi homiyligida amalga oshiradi.

1.7. Kengashning to‘liq nomi:

davlat tilida – “Iqtidorli bolalar Kengashi”;
rus tilida – “Совет талантливых детей”;
ingliz tilida – “Council of talanted children”.

II. Kengashning asosiy maqsad, vazifalari va huquqlari

2.1. Kengashning asosiy maqsadi “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatini yanada rivojlantirish, yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 30-sentabrdagi PQ-4467-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-maydagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 331-son qarori ijrosini ta’minlashda jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yishdan iborat.

2.2. Kengash o‘zining asosiy maqsadidan kelib chiqib, quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini yuritadi:

birinchidan, yosh avlodni ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga yo‘naltirilgan robototexnika, mexatronika, injinerlik, mental arifmetika, san’at, art dizayn yo‘nalishidagi to‘garaklar hamda “Zakovat” intellektual o‘yinlariga qiziqishi bo‘lgan iqtidorli bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

ikkinchidan, beshta muhim tashabbus doirasida o‘quvchi-yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, san’at, sport, axborot-texnologiyalariga qiziqishlarini oshirish bo‘yicha takliflarni umumlashtirish;

uchunchidan, bolalar o‘rtasida sport bilan shug‘ullanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish, ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlarini bajarish kabi qadriyatlarni targ‘ib qilish;

to‘rtinchidan, bolalarni ajdodlarimiz va xalqimiz merosi bilan yaqindan tanishtirish va turizmni rivojlantirish bo‘yicha takliflar berish;

beshinchidan, yoshlar orasida ekologik madaniyatni oshirish, tabiatni muhofaza qilish va asrab-avaylashga doir takliflarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

oltinchidan, bolalarni milliy hunarmadchilik va qo‘l mehnati jumladan: kulolchilik, yog‘och o‘ymakorligi, kashtachilik va boshqa milliy hunarmandchilik bilan shug‘ullanuvchi bolalarning istedodlarini targ‘ib qilish va ommalashtirish;

yettinchidan, iqtidorli bolalar o‘rtasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan bolalar qamrovini oshirish bo‘yicha ular bilan debatlar tashkil etish.

2.3. Kengash o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagilarni bajaradi:

      • to‘garaklarga o‘quvchi-yoshlarni qamrab olish bo‘yicha muntazam ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshiradi;
      • tashkil etiladigan forum va tadbirlarning yuqori saviyada hamda yangicha g‘oyalar bilan o‘tkazilishida taklif va tashabbuslari bilan ishtirok etadi;
      • to‘garak a’zolarining ishlarini ommalashtirishga amaliy yordam ko‘rsatadi;
      • turli tanlov va tadbirlarni tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlaydi va targ‘ibot ishlarini olib boradi;
      • ma’lum bir natija va yutuqlarga erishgan yoshlar bilan mahorat darslarni tashkillashtiradi;
      • bolalarning qiziqish va istaklari, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazilishi, turli kasb-hunar sirlaridan boshlang‘ich ko‘nikmalarni egallashi, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida tashkil etilayotgan turli-ko‘rik tanlovlar yuzasidan mavjud muammolarni o‘rganish, o‘rganilgan muammolarning yechimlarini aniqlash va har chorakda takliflar kiritib borish.

III. Kengashga a’zolik hamda ularning huquq va burchlari

3.1. Kengashning maqsad-vazifalarini qo‘llab-quvvatlaydigan iqtidorli bolalar Kengash a’zosi bo‘lishlari mumkin.

3.2. Kengash a’zolari safidan chiqarish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:

      • Kengash a’zosi tomonidan ushbu Nizomga zid bo‘lgan xatti-harakatlar yo‘l qo‘yilganda;
      • Kengash faoliyati tugatilganda.

3.3. Kengashning barcha a’zolari quyidagi teng huquqlarga ega:

      • Kengash faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlar olish, o‘zlariga taalluqli bo‘lgan masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish va shaxsiy fikrini bildirish;
      • Ushbu Nizom doirasida Kengash faoliyatida ishtirok etish, Kengashning har qanday rahbar organiga ariza hamda takliflar bilan murojaat etish.

3.4. Kengash a’zolarining burchlari quyidagilardan iborat:

      • Kengashning maqsad va vazifalarini amalga oshirishda faol ishtirok etish;
      • Hududlarda iqtidorli bolalar bilan fikr almashish maqsadida davra suhbatlari tashkil etish;
      • Iqtidorli bolalar Kengashi bilan doimiy aloqada bo‘lish, uning qarorlarini bajarish.

IV. Kengash tarkibini shakllantirish va faoliyatini tashkil etish tartibi

4.1. Kengashning jami tuzilmasi doimiy ravishda 101 nafardan iborat bo‘ladi.

4.2. Kengash a’zolarining nomzodlari “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi direktori va o‘rinbosarlari, viloyat, tuman (shahar) “Barkamol avlod” bolalar maktablari tomonidan tavsiya etiladi.

– Kengash raisi har yil yakunida “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktorining tavsiyasiga binoan, Kengash a’zolarining orasidan ovoz berish yo‘li bilan saylanadi.

4.3. Kengash raisi:

      • Kengashning kun tartibini belgilash va yig‘ilishlarini chaqirish;
      • Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosi ustidan nazoratni tashkil etish;
      • Kengash a’zolarining o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha ishlarini muvofiqlashtirish;
      • Kengashni boshqarish va uning faoliyatini nazorat qilish.

4.4. Kengash raisi o‘rinbosarlari:

      • Kengashning navbatdagi yig‘ilishi uchun barcha kerakli hujjatlarning o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi;
      • Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Kengashning yig‘ilishlarini tashkil qiladi;
      • Kengash a’zolari va taklif qilingan shaxslarni yig‘ilish sanasi, vaqti, joyi to‘g‘risida xabardor qiladi;
      • Kengash qarorlarining bajarilishini nazorat qiladi va uning natijalarini Kengash majlisiga taqdim etadi;
      • Kengash bayonnomalarini tuzadi va tasdiqlangan bayonnomalarni Kengash a’zolari va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi;
      • Kengash reglamentiga muvofiq boshqa vazifalarni bajaradi.

4.5. Kengash a’zolari:

      • Kengashga maktabdan tashqari ta’limning mazmunli tashkil etilishi bo‘yicha takliflar kiritish;
      • Kengash tomonidan ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha fikrlarni taqdim etish.

4.6. Kengash faoliyatining asosiy vazifasi Kengash raisi saylovi, “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi tomonidan tasdiqlangan dastur va loyihalar, iqtidorli bolalar tomonidan ilgari surilgan g‘oya va takliflar asosida amalga oshiriladigan ishlar hamda vazifalar taqsimoti yuzasidan o‘tkaziladigan kelishuv va majlislardir.

Kengashning raisi uning bir yoki bir nechta a’zosining yozma murojaatlari asosida navbatdan tashqari yig‘ilishlarni chaqirishi mumkin, unda navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazish sabablari va asoslari ko‘rsatilishi kerak.

Kengash majlisining kun tartibi loyihasi uning a’zolari takliflari asosida shakllantiriladi va jamoat Kengashi raisi tomonidan tasdiqlanadi.

Kengash majlislari uning raisi tomonidan o‘tkaziladi.

Kengashni tashkiliy-texnik jihatdan ta’minlash “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi tomonidan amalga oshiriladi.

Kengashning qarorlari yig‘ilishda qatnashgan a’zolarining ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lsa, Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Kengashning har bir a’zosi qabul qilingan qarorlar to‘g‘risida o‘z fikrini yozma ravishda bildirish huquqiga ega, bu Kengash majlisining bayonnomasiga ilova qilinadi.

Kengash majlisining bayonnomasi Kengash raisi hamda uning barcha a’zolari tomonidan tasdiqlanadi.

V. Kengash nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish

5.1. Kengash Nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi direktorining qarori asosida kiritilishi mumkin.

VI. Kengashni qayta tashkil etish va tugatish

6.1. Kengash “Barkamol avlod” respublika bolalar maktabi direktorining qaroriga binoan qayta tashkil etiladi yoki tugatiladi.

6.2. Kengashni tugatish O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga asosan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

BABM hayoti

So'nggi yangiliklar